Manzil

  • Toshkent, 100128, Labzak ko'chasi, 1a

Ijtimoiy media

Terminal

17.06.2026

Terminal

2023-yilda Archiquad arxitektura va konsalting kompaniyasi yirik buyurtmachidan besh qavatdan baland bo‘lmagan bino loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha murakkab buyurtma oldi. Dastlab loyiha Global Export kompaniyasi ehtiyojlariga xizmat qilishi rejalashtirilgan edi, biroq keyinchalik loyiha kengaytirilib, 12 qavatli yangi avlod biznes markaziga aylandi. Ushbu jarayonda qanday muammolarga duch kelindi va loyihani buyurtmachi talablariga qanday moslashtirish mumkin bo‘ldi — quyida shu haqda so‘z yuritamiz.

Qiyinchiliklar va yechimlar

Qurilish bosqichma-bosqich amalga oshirildi: binoni uchta blokka ajratish orqali investor resurslarni moslashuvchan taqsimlash, budjet va muddatlarni optimallashtirish hamda xavflarni kamaytirishga erishdi. Har bir bosqich buyurtmachining aniq talablariga javob berib, loyihaning moslashuvchan va sifatli amalga oshirilishini ta’minladi.

“Terminal” biznes markazini yaratish uchun asos bo‘lgan g‘oya O‘zbekiston eksport bozorining yirik ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Global Export kompaniyasining murojaatidan boshlandi. Dastlab gap besh qavatgacha bo‘lgan ixcham bino haqida ketayotgan edi, biroq muhokamalar davomida Archiquad jamoasi loyihani kengaytirib, uni to‘laqonli biznes markaziga aylantirishni taklif qildi. Bu yechim nafaqat buyurtmachining ehtiyojlarini qondirish, balki uning kapitalini oshirish va foydali investitsiya obyektini yaratish imkonini ham berdi.

Foto: Archiquad jamoasi

“Terminal”ning maqsadli auditoriyasi bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilandi. Arxitektorlar savdo va eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi biznes vakillari hamda ijarachilarni asosiy foydalanuvchilar sifatida ko‘rdilar. Buyurtmachi uchun mamlakat savdo sohasidagi vakillarni birlashtiruvchi, biznes rivoji va muloqot uchun platforma yaratish muhim edi.

Biznes markazlarga qo‘yilayotgan yangi talablar

Loyihaning funksional qismi ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, “inson uchun makon” tamoyili asosida ishlab chiqildi. Birinchi qavatda do‘konlar va kafelar joylashtirilib, ijarachilar va tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik yaratildi. Binoda sport zali ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, avtoturargohga kirish imkon qadar sodda va ortiqcha manevrlarsiz tashkil etildi. Fasad oldida qisqa muddatli to‘xtash hududi yaratilgan bo‘lib, bu vaqtni tejash va qulaylikni oshirishga xizmat qiladi. Bunday yechimlar jamoat makonlarini obyekt qiymatini oshiruvchi muhim omilga aylantiradi.

Foto: Archiquad jamoasi

Vizual va loyiha yechimlari

Terminal biznes markazining arxitektura konsepsiyasi funksionallik va imij o‘rtasidagi muvozanatga asoslandi. Yer maydoni shakli kvadratga yaqin bo‘lib, bu ifodali arxitektura uchun har doim ham eng qulay yechim emas edi. Shu sababli bino hajmi vizual ravishda ikki qismga ajratilib, fasad kompozitsiyasida uyg‘unlik va dinamika yaratildi.

Fasadlarga alohida e’tibor qaratildi: tog‘lar tomonga ochiladigan panoramik manzaralar raqobat ustunligi sifatida foydalanildi va binoga balkonlar qo‘shilib, premium muhit hissi kuchaytirildi. Binoning burchak qismi ustunlarsiz loyihalashtirilib, manzaraning to‘liq ochilishiga imkon yaratildi. Balkonlar gullar bilan bezatilib, “osma bog‘lar” taassurotini hosil qiladi. Ushbu g‘oya Singapurdagi xalqaro tajribalarni o‘rganish natijasida paydo bo‘lib, obyektning o‘ziga xosligi va maqomini yanada oshirdi.

Foto: Archiquad jamoasi

Sohaning rivojlanishi va uning ta’siri

Bugungi kunda O‘zbekistondagi ofis ko‘chmas mulki bozori jadal o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. A klassdagi biznes markazlari, mehmonxonalar va logistika majmualari paydo bo‘lib, xorijiy investorlarni jalb qilmoqda. Binolar ichidagi ofislarni sotish amaliyoti loyihaning investitsion qaytishini tezlashtirish imkonini bermoqda. Shu sababli biznes markazlar yangi standartlarga mos kelishi va rentabellikni oshiruvchi qoidalarga amal qilishi zarur.

Masalan, muvaffaqiyat faqat umumiy maydon (GBA) bilan emas, balki ijaraga beriladigan foydali maydon (GLA) samaradorligi bilan ham belgilanadi. GLA umumiy maydonning kamida 75 foizini tashkil etishi lozim, aks holda obyekt tijoriy jozibadorligini yo‘qotadi.

Foto: Archiquad jamoasi

Loyihaning kelajakdagi istiqbollari shahar va mintaqaning rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq. Terminal oddiy “ofislar joylashgan bino” emas, balki insonlarni birlashtiruvchi va yangi sifat standartlarini shakllantiruvchi arxitektura hamda ijtimoiy vositaga aylandi. Uning arxitektura yechimlari ijarachilar uchun qo‘shimcha qiymat yaratadi, hududga ta’siri esa uni urbanistik rivojlanish drayveriga aylantiradi.

Loyiha yechimlarida tejamkorlik qilish maqsadga muvofiq emas. O‘ylangan dizayn va funksionallikka kiritilgan investitsiyalar bir necha barobar qaytib, obyektni bozorda noyob va talab yuqori bo‘lgan loyihaga aylantiradi.

Shu tariqa, Terminal arxitektura ifodaviyligi, puxta funksional yechimlar va bozorni strategik tushunish uyg‘unligi orqali yangi avlod biznes markazini yaratish mumkinligining yorqin namunasiga aylandi.

Ulashish