01.06.2026
Arxitektura bolalar nigohida
Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Archiquad arxitektura va konsalting kompaniyasi Toshkent shahridagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 102-sonli maktab-internatning boshlang‘ich va o‘rta sinflarida tahsil olayotgan 11 nafar o‘quvchi ishtirokida ta’limiy art-vorkshop tashkil etdi.
Tadbir davomida biz bolalarga me’mor kasbi haqida — uning ahamiyati, qiziqarli jihatlari va jamiyatdagi vazifalari haqida so‘zlab berdik. Taqdimot orqali dunyodagi eng noodatiy uylar va binolar bilan tanishtirib, ularda me’morchilikka nisbatan qiziqish va hayrat uyg‘otishga harakat qildik. Uchrashuvning maqsadi bolalarda shaharsozlik va me’morchilikka qiziqish uyg‘otish, har bir inson o‘zining “kelajakdagi uyi” muallifi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish edi. Har bir bola bilan uning orzusidagi uy qanday bo‘lishi, nimasi bilan ajralib turishi va nimani eslatishi haqida suhbatlashdik.
Natijada har bir ishtirokchi ikkita kollaj yaratdi — avtoportret va o‘z uyining tasviri. Ishlar multidissiplinar rassom Kseniya Gorbacheva rahbarligida tayyorlandi. Jarayon davomida bolalarning savollari, yechim izlashlari, shakl va teksturalarni tanlashlari ayniqsa qiziqarli bo‘ldi.

Foto: Archiquad jamoasi
Mustaqil rassom Kseniya Gorbacheva alohida ehtiyojga ega bolalar bilan ishlash tajribasi haqida quyidagilarni aytib o‘tdi:
«Men besh yildan ortiq vaqt davomida kollaj texnikasi bilan shug‘ullanaman va uch yildan buyon kollaj klubini boshqaraman. Men uchun kollaj — noodatiy fikrlashni rivojlantirish usuli. Aynan kutilmagan element ishni jonlantiradi va imkonsiz tuyulgan g‘oyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
So‘nggi yillarda Respublika bolalar kutubxonasi va turli maydonlarda bolalar uchun 30 dan ortiq mahorat darslari o‘tkazdim. Har safar bolalar bilan birgalikda ijod qilish quvonch va ilhom manbai bo‘lib, rassom sifatida men ham ulardan ko‘p narsani o‘rganaman.
Bolalarning spontaneyligi, jasorati, energiyasi va ochiqligini juda qadrlayman. Har bir bola o‘ziga xos: kimdir sokin, kimdir serharakat, ammo har birini jarayonga jalb qilish muhim. Ko‘pchilik uchun kollaj yangi texnika hisoblanadi, chunki ular odatda rasm chizishga ko‘proq o‘rganishgan. Men ularga qog‘oz bo‘laklari ham bo‘yoqlar kabi ekanini tushuntiraman — istalgan g‘oyani sinab ko‘rish va eng dadil tasavvurlarni amalga oshirish mumkin.
102-sonli maktab-internatda men o‘zgacha muhitni his qildim: u yerdagi bolalar mehribon, ochiqko‘ngil va e’tibor bilan tarbiyalanayotgan ekan. Ular bilan ishlash men uchun katta quvonch va ilhom manbai bo‘ldi.»

Foto: Archiquad jamoasi
Biz o‘zimizga savol berdik: eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar qanday qilib me’mor bo‘lishi va o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishi mumkin? Bu savolga javob topish uchun bunday talabalar uchun oliy ta’limga kirish va o‘qish imkoniyatlarini o‘rgandik.
Toshkent arxitektura universiteti dekan o‘rinbosari Yakuba Sharipov ta’limning ochiqligi haqida shunday dedi:
«Bizning universitetga eshitishida nuqsoni bo‘lgan talabalar soni bo‘yicha hech qanday cheklov yo‘q. Qabul shartlari barcha uchun bir xil — ikki bosqichli ijodiy imtihon va uchta fan bo‘yicha test sinovlari. Barcha bosqichlarda surdotarjimonlar talabalarga hamrohlik qiladi, ular nafaqat darslarda, balki tadbirlarda ham yordam beradi. Hozirgi kunda universitetimizda eshitishida nuqsoni bo‘lgan uch nafar birinchi bosqich, ikki nafar ikkinchi bosqich va bir nafar bitiruvchi talaba tahsil olmoqda.»
102-sonli maktab-internatda tasviriy san’at fanidan dars beruvchi Dono Axadovna bolalar bilan ishlash tajribasi haqida quyidagilarni ta’kidladi:
«Bizning bolalarimiz o‘ziga xos, ammo nihoyatda iste’dodli. Har birining o‘z dunyoqarashi va cheksiz tasavvuri bor. Ko‘pchilik eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarda fantaziya bo‘lmaydi deb o‘ylaydi, ammo men har kuni buning aksini ko‘raman. Bizda san’atning barcha yo‘nalishlariga qiziqadigan ijodkor bolalar juda ko‘p. Ular juda berilib ishlaydi: agar biror narsa qiziq tuyulsa, unga butunlay sho‘ng‘ib ketadi.
Avvallari maktabni bitirgan o‘quvchilarimiz dizayn kollejlariga kirishardi, endilikda esa ular maktabni tugatgach to‘g‘ridan-to‘g‘ri arxitektura universitetiga kirish imkoniyatiga ega. Bugun bizda universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, o‘z kasbi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan bitiruvchilar bor va ular boshqalarga ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.»

Foto: Archiquad jamoasi
Tadbir yakunida bolalar yaratgan barcha ishlar namoyish etiladigan ko‘rgazma tashkil etiladi. Unda mutaxassislarimiz zamonaviy me’moriy texnologiyalarni bolalarning ijodiy g‘oyalari bilan qanday uyg‘unlashtirganini ko‘rsatamiz. Bolalar tasavvur qilgan uylar asosida me’morlar va dizaynerlar butun boshli “Kelajak shahri”ni yaratadilar. Bu loyiha hamkorlikdagi ijod, inklyuzivlik va me’morchilik professional amaliyot bilan bolalar fantaziyasini bog‘lovchi ko‘prik bo‘lishi mumkin bo‘lgan kelajak ramzidir.
Archiquad kompaniyasi CEOsi Bahrom Xodjayevning izohi:
«Biz uchun ushbu loyiha ijtimoiy mas’uliyat sari tashlangan muhim qadamdir. Biz me’morchilik faqat binolar haqida emas, balki odamlar, ularning orzulari va imkoniyatlari haqida ham bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan ishlash jarayonida ularning tasavvuri naqadar boy va jasoratli ekaniga guvoh bo‘ldik. Bu bolalarda me’mor va urbanist kasbiga qiziqish uyg‘otadigan ilk qadam bo‘lishi mumkin.
Arxitektura kompaniyasi sifatidagi vazifamiz — bu orzularga shakl berish va ular kelajak shahrining bir qismiga aylanishi mumkinligini ko‘rsatishdir. Biz me’morchilik inklyuziya va ilhom manbai bo‘lishini, har bir bola o‘z g‘oyalari qadrli ekanini va ularni amalga oshirish mumkinligini his qilishini istaymiz.
Shu sababli biz bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz va texnologiyalar, ijodkorlik hamda ijtimoiy ahamiyatni birlashtiruvchi loyihalarni yaratishda davom etamiz.»
102-sonli maktab-internati ma’muriyatiga tadbirni tashkil etishda ko‘rsatgan yordami uchun hamda Milliy ijtimoiy himoya agentligiga alohida ehtiyojga ega bolalar bilan tadbir o‘tkazish qoidalarini muvofiqlashtirgani uchun minnatdorchilik bildiramiz.
